Mamlakatimizda professional ta’lim tizimi isloh qilinmoqda. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ichki va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-iyuldagi «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq texnikumda Britaniyaning «Pearson BTEC» xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi.

Dunyoning 70 ta davlatida qo‘llanilayotgan ushbu dastur O‘zbekistonda ilk bor ushbu texnikumda joriy etildi. Uning asosiy xususiyati — nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishdir. Buning uchun ta’lim standartlariga mos zamonaviy o‘quv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so‘mni tashkil etadi, shundan 2 milliard so‘m hamkorlar tomonidan ajratilgan. Natijada 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar tashkil etildi. Texnikumda jami 1 203 nafar o‘quvchi tahsil oladi.

Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda mintaqa iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash maqsadida dual ta’limni joriy etish ko‘zda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilari 70 dan ortiq mamlakatlarda tan olinadigan diplomlarga ega bo‘ladilar.

Xususiy hamkor Salovutdin Ilyosov ishtirokida spin-off ta’lim dasturi ham ishga tushirildi. Unda 136 nafar o‘quvchi talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitiladi, o‘quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etiladi. Bu ham kasbiy bilimlarni, ham mutaxassislik bo‘yicha ishlash uchun zarur bo‘lgan til ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.

Amaliy tayyorgarlik tufayli bitiruvchilarning xorijda ishga joylashish imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo‘yicha ta’lim olgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ularning oylik maoshi oyiga 3 ming yevrogacha.

Bundan tashqari, qiymati 40 million dollar bo‘lgan sanoat zonasi uchun texnikumda zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu ta’limning ishlab chiqarish bilan aloqasini mustahkamlash va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etildi. O‘quv jarayonini ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.